Yo'lovchilar diqqatiga: Bagaj va qo'l yukini tashish qoidalari
Parvozingizni qulay, xavfsiz va ortiqcha kechikishlarsiz amalga oshirish uchun bagaj hamda qo'l yukini tashish qoidalari bilan oldindan tanishishingizni tavsiya qilamiz.
Bagaj me'yori
Har bir yo'lovchi uchun bepul bagaj me'yori aviakompaniya, yo'nalish, tarif va xizmat ko'rsatish sinfiga qarab belgilanadi. Asosiy ma'lumot chiptangizda ko'rsatilgan bagaj me'yoridir.
Belgilangan me'yordan ortiq bagaj qo'shimcha to'lov asosida qabul qilinadi.
Qo'l yuki talablari
Qo'l yuki odatda:
- Iqtisod klass yo'lovchilari uchun — 8 kg gacha;
- Biznes klass yo'lovchilari uchun — aviakompaniya qoidalariga muvofiq 10 kg gacha yoki 2 ta joy (har biri 8 kg gacha) bo'lishi mumkin.
Qo'l yukining maksimal o'lchami:
- 55 × 35 × 25 sm;
- Uch o'lcham yig'indisi 115 sm dan oshmasligi lozim.
Elektron qurilmalar va litiy batareyalar
Parvoz xavfsizligini ta'minlash maqsadida quyidagi talablarga amal qiling:
- Litiy batareyali elektron qurilmalarni imkon qadar qo'l yukida tashish tavsiya etiladi.
- Powerbanklar, elektron sigaretalar va zaxira (alohida) litiy batareyalar faqat qo'l yukida tashilishi mumkin.
- Planshet, mobil telefon va noutbuklar ro'yxatdan o'tkaziladigan bagajda tashilganda, ular to'liq o'chirilgan bo'lishi kerak. Qurilmalar uyqu (Sleep) yoki energiya tejash rejimida bo'lmasligi lozim.
Taqiqlangan buyumlar
Quyidagi buyumlarni qo'l yuki yoki ro'yxatdan o'tkaziladigan bagajda olib o'tish taqiqlanadi:
- portlovchi moddalar;
- yonuvchan materiallar;
- zaharli va radioaktiv moddalar;
- boshqa xavfli yuklar.
Maxsus toifadagi buyumlar
Sport anjomlari, musiqa asboblari, nogironlik aravachalari hamda boshqa maxsus buyumlar aviakompaniya tomonidan belgilangan alohida qoidalarga muvofiq tashiladi.
Bagaj yo'qolgan yoki shikastlangan bo'lsa
Bagajingiz yetib kelmagan yoki shikastlangan bo'lsa, aeroportni tark etishdan oldin aviakompaniyaning bagaj xizmati (Lost & Found) vakiliga darhol murojaat qiling.
Hurmatli yo'lovchilar!
Aeroportga kelishdan oldin:
- chiptangizdagi bagaj me'yorini tekshiring;
- qo'l yuki va bagaj tarkibini amaldagi xavfsizlik talablariga mosligini tekshiring;
- elektron qurilmalar va litiy batareyalarni tashish qoidalariga rioya qiling.
Bu ro'yxatdan o'tish va aviatsiya xavfsizligi nazoratidan tez hamda qulay o'tishingizga yordam beradi.
Navoiy xalqaro aeroporti yoqimli va xavfsiz parvoz tilaydi!
