Yangiliklar

SAMARQANDDA O‘ZBEKISTON VA AQSH O‘RTASIDA MUHIM UCHRASHUVLAR BO‘LIB O‘TMOQDA

Nashr qilingan sana

← Barcha yangiliklar

SAMARQANDDA O‘ZBEKISTON VA AQSH O‘RTASIDA MUHIM UCHRASHUVLAR BO‘LIB O‘TMOQDA

Samarqand shahrida O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda istiqbolli loyihalarni muhokama qilishga qaratilgan qator muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.

Jumladan, Amerika–O‘zbekiston biznes va investitsiyalar kengashining ikkinchi yig‘ilishi hamda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi C5+1 formatidagi uchrashuv ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim muloqot maydoniga aylandi.

Mazkur tadbirlarda Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Elbek Gaffarov va Navoiy xalqaro aeroporti direktori Alisher Klichev ham ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida transport va energetika yo‘nalishlarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yangi investitsiyaviy imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida Boeing, Wabtec va Air Products kabi yirik xalqaro kompaniyalar vakillari bilan muzokaralar olib borildi.

Navoiy xalqaro aeroporti uchun bunday muloqotlar aeroportning transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, multimodal tashuvlarni rivojlantirish va xalqaro bozordagi o‘rnini mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqaro hamkorlik, investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalar — Navoiy viloyatining iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish hamda hududning transport-logistika markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim omillardir.

🛫Navoiy xalqaro aeroporti
Axborot xizmati