
NAVOIY XALQARO AEROPORTI YEVROSIYODAGI YIRIK MULTIMODAL YUK TASHISH MARKAZIGA AYLANMOQDA
Nashr qilingan sana
NAVOIY XALQARO AEROPORTI YEVROSIYODAGI YIRIK MULTIMODAL YUK TASHISH MARKAZIGA AYLANMOQDA
Navoiy xalqaro aeroportini Yevrosiyodagi yirik multimodal logistika markaziga aylantirish yo‘lida navbatdagi muhim qadam tashlandi.
2026-yil 9-sentabr kuni «Harvest Epoch Strategik Investment Limited» kompaniyasi bilan Navoiy xalqaro aeroporti o‘rtasida strategik alyans to‘g‘risidagi doiraviy bitim imzolangan edi. 16-oktabr kuni esa kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasi kelishib olinib, hamkorlikning amaliy bosqichiga o‘tildi.
Yo‘l xaritasi doirasida tomonlar texnik-iqtisodiy asoslarni takomillashtirish, tijoriy shartlar va tariflarni ishlab chiqish, aeroport infratuzilmasi hamda xizmatlarini xalqaro talablarga muvofiq tayyorlash bo‘yicha ishlarni amalga oshiradi.
2026-yil dekabr oyida dastlabki sinov yuk reyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Buning uchun yer usti xizmatlari, yoqilg‘i quyish, ombor majmualari va bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarining tayyorligi ta’minlanadi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi tizimlarini ICAOning 9-toifali talablariga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda.
«Harvest Epoch Strategik» kompaniyasi boshqaruv kengashi rahbari Chan Xung Toga ko‘ra, Xitoy va Navoiy xalqaro aeroporti o‘rtasidagi mazkur hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Navoiy xalqaro aeroporti direktori Alisher Klichevning aytishicha, mazkur hamkorlik doirasida noyabr oyida yakuniy bitim imzolanadi va olti oylik pilot loyihani boshlash rejalashtirilmoqda.
Hamkorlikning asosiy maqsadlaridan biri — 2030-yilga qadar Navoiy xalqaro aeroporti orqali yiliga 45 ming tonna yuk tashish hajmiga erishish. «Harvest Epoch Strategik Investment Limited» kompaniyasi aviakompaniyalar, elektron tijorat va logistika kompaniyalarini jalb etish orqali yuk oqimini oshirishga ko‘maklashadi.
Ushbu hamkorlik Navoiy xalqaro aeroportining geografik joylashuvi va mavjud infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish, Xitoy va Yevropa o‘rtasidagi logistika aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni jahon bozorlariga yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
🛫Navoiy xalqaro aeroporti
Axborot xizmati



