
NAVOIY XALQARO AEROPORTI VA CARGOLUX: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
Nashr qilingan sana
NAVOIY XALQARO AEROPORTI VA CARGOLUX: HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI
Navoiy xalqaro aeroportiga dunyoning yetakchi yuk aviakompaniyalaridan biri — Cargolux Airlines International S.A. vakillari tashrif buyurdi.
Tashrif davomida aeroportda havo kemalariga yoqilg‘i quyish imkoniyatlari, mavjud yoqilg‘i zaxirasi, uning sifati hamda laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish tartiblari bilan yaqindan tanishildi. Bu jarayonda yoqilg‘i sifatini nazorat qilish, xalqaro aviatsiya talablariga muvofiqlik va parvozlar uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni rivojlantirish doirasida oyiga 40–50 tagacha reysni amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bunday hajmdagi qatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi aeroport faoliyatini yanada jadallashtirish, yuk tashish geografiyasini kengaytirish va xalqaro logistika zanjirlaridagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Cargolux kompaniyasining xalqaro miqyosdagi tajribasi va Navoiy xalqaro aeroportining geografik joylashuvi, mavjud infratuzilmasi hamda multimodal transport imkoniyatlari o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kutilayotgan hamkorlik istiqbollari nafaqat aeroport faoliyati, balki hudud iqtisodiyoti uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi. Jumladan, yuk tashish hajmini oshirish, logistika va yer usti xizmatlarini rivojlantirish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish hamda yangi biznes aloqalarini shakllantirish uchun zamin yaratiladi.






