
Navoiy xalqaro aeroportida navbatdagi yirik xalqaro yuk operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi
Nashr qilingan sana
Navoiy xalqaro aeroportida Air Atlanta Icelandic aviakompaniyasining Boeing 747-400 yuk samolyoti tomonidan amalga oshirilgan xalqaro yuk reysi qabul qilindi.
Mazkur reys orqali Belgiyaning Liej shahridan umumiy og‘irligi 82,5 tonnani tashkil etuvchi 165 bosh nasldor qoramol aeroportga yetkazib berildi.
Qoramollar aeroportning cargo terminalida tushirilib, veterinariya, bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazildi.
Yukni qabul qilish, tushirish va rasmiylashtirish jarayonlari aeroportning cargo terminali, bojxona, chegara, veterinariya hamda boshqa tegishli xizmatlar tomonidan xalqaro va milliy talablar asosida tezkor va sifatli tashkil etildi.
Mazkur operatsiya Navoiy xalqaro aeroportining yirik hajmdagi, maxsus toifadagi va tirik hayvonlarni tashish bo‘yicha zamonaviy logistika infratuzilmasi hamda yuqori operatsion salohiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Bugungi kunda Navoiy xalqaro aeroporti Markaziy Osiyoning muhim havo transporti va logistika markazlaridan biri sifatida xalqaro yuk tashuvlari geografiyasini kengaytirish, eksport-import operatsiyalarini jadallashtirish hamda mamlakatimizning tranzit salohiyatini oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
