
Navoiy viloyati va Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati ishbilarmon doiralari o‘rtasida tashkil etilgan Biznes-forumda Navoiy xalqaro aeroporti vakillari ham ishtirok etdi.
Nashr qilingan sana
Eron Islom Respublikasining Markaziy viloyati gubernatori Mahdi Zandiyе boshchiligidagi keng qamrovli delegatsiya Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibidan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, konchilik, neft-gaz, kimyo sanoati va avtomobilsozlik kabi strategik yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi 50 dan ortiq kompaniya va tashkilot vakillari, shuningdek, rasmiy doira vakillari o‘rin olgan.
Forum doirasida Navoiy xalqaro aeroporti rahbariyati ham o‘z taqdimoti va takliflari bilan ishtirok etdi. Taqdimotda aeroportning xalqaro transport-logistika markazi sifatidagi salohiyati, mavjud infratuzilmasi va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorida belgilangan ustuvor vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, Navoiy xalqaro aeroportida “Porto-Franco” erkin bojxona rejimining joriy etilayotgani, uning doirasida xalqaro yuk tashish, logistika va investitsiyaviy loyihalarni rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar taqdim etildi. Shuningdek, Eronning Markaziy viloyati ishbilarmon doiralari bilan savdo-logistika yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, yangi yuk oqimlarini jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Mazkur uchrashuv Navoiy va Eronning Markaziy viloyati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, xususan, transport-logistika, yuk tashish va investitsiya yo‘nalishlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Navoiy xalqaro aeroportining “Porto-Franco” rejimi doirasidagi yangi imkoniyatlari esa Eron ishbilarmon doiralari uchun O‘zbekiston va mintaqa bozorlariga chiqishda qo‘shimcha logistika imkoniyatlarini taqdim etishi mumkin.
.webp&w=3840&q=75)