NAVOIY AEROPORTIDA YANGI YO‘NALISH!
Nashr qilingan sana
Navoiy xalqaro aeroporti xalqaro aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirishda davom etmoqda. Endilikda, aeroportdan Rossiya poytaxti Moskvaga yangi muntazam aviaqatnov yo‘lga qo‘yiladi.
Shu yilning 28-oktabrdan boshlab, Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasi Moskva (Vnukovo) — Navoiy yo‘nalishida muntazam parvozlarni amalga oshira boshlaydi.
Parvozlar haftasiga bir marta — chorshanba kunlari, zamonaviy Superjet 100 samolyotlarida amalga oshiriladi. Chiptalar savdosi qishki parvozlar jadvalining butun davri uchun ochilgan.
Mazkur yo‘nalish Navoiy xalqaro aeroporti mustaqil boshqaruv tizimiga o‘tgandan so‘ng xorijiy aviakompaniya tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan birinchi yangi yo‘lovchi yo‘nalishi sifatida alohida ahamiyatga ega.
«Azimut» aviakompaniyasi reyslarining yo‘lga qo‘yilishi yangi boshqaruv modeli doirasida Navoiy aeroportining xalqaro hamkorlik va yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini rivojlantirish borasidagi dastlabki muhim natijalardan biridir.
Yangi aviaqatnov, avvalo, Navoiy va uning atrofidagi hududlar aholisi uchun Moskvaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvoz qilish imkoniyatini kengaytiradi. Shuningdek, yangi yo‘nalish hududning xalqaro transport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ayni paytda «Azimut» aviakompaniyasi Rossiyadan Toshkent, Samarqand, Urganch va Termiz shaharlariga ham muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirmoqda.
Ma’lumot uchun:
Navoiy — Moskva yo‘nalishida bir tomonga aviachipta narxi 1,94 million so‘mdan, borib-qaytish chiptasi esa 4,66 million so‘mdan boshlanadi.
Chipta narxlari aviakompaniya tariflari va mavjudligiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Navoiy xalqaro aeroporti
Axborot xizmati
.webp&w=3840&q=75)