
NAVOIY XALQARO AEROPORTI MINTAQAVIY YUK XABI SIFATIDAGI MAVQEINI MUSTAHKAMLAMOQDA: BOEING 787 DREAMLINER AVIADVIGATELI PARIJGA JO‘NATILDI
Nashr qilingan sana
2026-yil 24-avgust kuni Navoiy xalqaro aeroporti aviakompaniya «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan Boeing 787 Dreamliner samolyotining aviadvigatelini muvaffaqiyatli qabul qilish, qayta ishlash va jo‘natish ishlarini amalga oshirdi.
Zarur ehtiyot qismlar va qo‘shimcha uskunalarni o‘z ichiga olgan yukning umumiy og‘irligi 13 250 kilogrammni tashkil etadi.
Tashish Fransiyaning CMA CGM Air Cargo aviakompaniyasiga tegishli maxsus yuk tashuvchi Boeing 777F havo kemasida Navoiy (NVI) — Parij (CDG, Fransiya) yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi. Maxsus yuk tashuvchi havo kemasidan foydalanish yirik hajmli va texnik jihatdan murakkab aviatsiya yukini xavfsiz tashish uchun zarur sharoitlarni ta’minladi.
Mazkur operatsiyaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Navoiy xalqaro aeroportining og‘ir vaznli, yirik gabaritli va maxsus yuklarni qabul qilish hamda qayta ishlash bo‘yicha amaliy imkoniyatlarini yana bir bor namoyish etdi. Bunday yuklarni tashish alohida yuklash, mahkamlash, hujjatlarni rasmiylashtirish va logistika jarayonlarini muvofiqlashtirishni talab qiladi.
Tashuvni tashkil etish va zarur hujjatlarni to‘liq rasmiylashtirish ishlari tashuvchi aviakompaniyaning rasmiy agenti sifatida faoliyat yuritgan Multi Jet Hub kompaniyasi tomonidan ta’minlandi. Kompaniya mutaxassislari bojxona rasmiylashtiruvi, yukni tashishga qo‘yiladigan texnik talablarning bajarilishi hamda boshqa zarur jarayonlarni muvofiqlashtirdi.
Bunday operatsiyalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Navoiy xalqaro aeroportining aviatsiya va maxsus yuklarni qayta ishlash bo‘yicha salohiyatini namoyon etib, uning yuk tashish imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Aeroport Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi xalqaro yuk tashuvlarini ta’minlashda muhim logistika markazi sifatidagi mavqeini izchil mustahkamlab bormoqda.
.webp&w=3840&q=75)